Markazda AFDA vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

25.09.2024 990

Markazda AFDA vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

 

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov, Afgʻoniston oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi rahbari Zahid Hamdullah boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

 

Maʼlumot uchun, AFDA - Afgʻoniston hukumatining sogʻliqni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qilish uchun masʼul boʻlgan organidir. Bu idora sogʻliqqa zararli mahsulotlarning bozorga chiqishining oldini olish hamda fuqarolar salomatligini asrash va taʼminlash maqsadida faoliyat yuritadi.

 

Uchrashuvda markaz rahbari Alisher Temirov, farmatsevtika mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazish hamda sertifikatlash tartibi, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish toʻgʻrisida tushuntirish berdi.

 

Afgʻoniston regulyator organ rahbari Zahid Hamdullah, Oʻzbekistondan Afgʻonistonga import qilinayotgan dori vositalarining yuqori sifatli ekanligini alohida eʼtirof etib, mamlakat xududiga kirib kelayotgan farmmahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi birga kurashish lozimligini taʼkidladi.

 

Shuningdek, mehmonlar Afgʻoniston oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi faoliyatini takomillashtirishda Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish, xususan referent narx shakllantirish tizimi, dori vositalari sifatini tekshirishda laboratoriya tahlil usullari, sohaga xalqaro standartlarni joriy qilish boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.